TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ijrochi direktori Kristin Lagard O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yo‘lladi.
"Men Siz va Sizning iqtisodiy jamoangiz O‘zbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirish va aholi moddiy farovonligini yuksaltirish yo‘lida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish borasida mamlakat iqtisodiyotini isloh etishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlaringizni astoydil ma’qullayman. Shuni ishontirib aytamanki, Sizning rahbarligingizda olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlarini biz texnik ko‘maklashish va iqtisodiy siyosat masalalari bo‘yicha tavsiyalar berish orqali to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz", deyiladi maktubda.
Lagard jamg‘arma xodimlari yaqin orada Toshkentga borishini bildirgan.
"Bir necha kun avval Xalqaro valyuta jamg‘armasi bosh qarorgohida jamg‘arma xodimlari bilan Sizning vakillaringiz valyuta siyosatini isloh qilish yo‘llari bo‘yicha dastlabki uchrashuv o‘tkazganidan g‘oyat mamnunman. Jamg‘arma xodimlari bu boradagi ishlarni davom ettirish uchun yaqin orada Toshkentga borishidan xursandman.
Sizning jamoangiz va XVJ xodimlari yaqin vaqtlarda O‘zbekistonda investitsiya muhitini takomillashtirish maqsadida boshqa yo‘nalishlarda ham olib borilayotgan islohotlar orqali valyuta tizimini erkinlashtirishni qo‘llab-quvvatlashga doir keng ko‘lamli masalalarni, jumladan, iqtisodiy statistikani yaxshilash chora-tadbirlarini muhokama etishiga ishonaman. Bu hukumat va investorlarga asosli qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Janob Prezident, O‘zbekiston amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida ulkan natijalarni qo‘lga kiritishiga qat’iy ishonaman va biz Sizni bu borada har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanimizni yana bir bor tasdiqlayman", deyilgan maktubda.