TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yevropa Ittifoqi Komissiyasining Xalqaro hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha Bosh direktorati rahbari Stefano Manservisi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligining holati va istiqbollari, shuningdek, YeIning Markaziy Osiyo bilan yangi hamkorlik strategiyasining samaradorligini oshirish nuqtayi nazaridan uni tatbiq etish jarayoni muhokama qilindi.
Uchrashuvda Brussel shahrida bo‘lib o‘tadigan "O‘zbekiston-YeI" hamkorlik kengashining 13-majlisi, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Bosh vakili Federika Mogerinining O‘zbekistonga tashrifi, "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" mintaqalararo uchrashuvining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish va boshqa qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni amaliy jihatdan ko‘rib chiqildi.
Moliyaviy-texnik sohada aloqalarni mustahkamlashga mas’ul sherikchilikning yangi organi – Rivojlanish maqsadida hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitani ta’sis etishga ikki tomon ham rozi ekanligi tasdiqlandi.
Muzokaralarda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari, elchi Eduard Striprays ishtirok etdi.