TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. 2017-yilning 6-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov vatandoshlar bilan bo‘lib o‘tgan To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yakunlariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qildi mahkama o‘z rasmiy saytida.
Xabarda, Kamilov qariyb 3 soat davom etgan jonli efir davomida O‘zbekiston fuqarolari hayotining turli jabhalariga doir, jumladan xalqaro siyosatning dolzarb mavzulariga oid 39 savolga javob berganligi ta’kidlab o‘tilgan.
"TIVda bo‘lib o‘tgan majlisda To‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot manzillariga kelib tushgan barcha murojaatlarni boshqa hukumat organlari bilan hamkorlikda darhol ko‘rib chiqish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Hech bir xat, hech bir savol e’tiborsiz qolmasligi zarurligi ta’kidlandi", — deyilgan xabarda.
Shuningdek, ayrim muammolarni hal qilish uchun tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish talab etilishi eslatib o‘tilgan.