TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida boshqa abituriyentlarning o‘rniga hujjatlarini topshirishga uringan soxta abituriyentlar aniqlandi. Bu haqda UZ24ga O‘zMU qabul komissiyasi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, 2017-yilning 11-iyul kuni universitetning Jurnalistika va Fizika fakultetlariga 1993-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan Bobur Hasanov va 1998-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan Shaxzodbek Yoqubovlar boshqa abituriyentning o‘rniga hujjatlarini topshirishga urinishgan.
Ularning bu urinishlari O‘zMUda shu yildan joriy etilgan abituriyentlarni nazorat qilish (identifikatsiya) va boshqarish tizimi, shuningdek, yuzidan tanuvchi va barmoq izlari skaneri orqali shaxsni aniqlashga qaratilgan texnologiya yordamida fosh bo‘ldi.
"Masalaning eng qiziq tomoni, har ikki fuqaro ham o‘zini "Biz "ziyoli snayperlar"miz, hech qanday ayb ish qilganimiz yo‘q, deb da’vo qilishgan", deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan Milliy universitet qabul komissiyasi barcha abituriyentlar va ularning ota-onalarini yuqoridagi kabi "ziyoli snayperlar"ning tuzog‘iga ilinib qolmaslikka chaqiradi. Shuningdek, yuqoridagi yangi "aqlli texnologiya" 2017-yilning 1-avgust kuni O‘zMUning barcha fakultetlarida to‘liq ishlashini ham ma’lum qiladi.