TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini yanada takomillashtirishi munosabati bilan xorijiy davlatlarda istiqomat qiluvchi O‘zbekiston pensionerlari doimiy yashash joylarida o‘z nafaqalarni olishni xorijda turib tasdiqlashlari mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan.
Pensiya to‘lash qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan ishonchnoma bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ishonchnoma pensiyani yetkazib berish yuklangan tashkilotning bo‘linmasida saqlanadi.
Ishonchnoma bergan shaxs Pensiya jamg‘armasi bo‘limlaridan biriga bir yilda kamida bir marta kelib, tayinlangan pensiyaga bo‘lgan o‘z huquqini tasdiqlashi kerak.
Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan pensionerning kelishi imkoniyati mavjud emasligi (sog‘lig‘i tufayli, davolash muassasalarida, shu jumladan ruhiy kasallar uchun statsionar davolanishda bo‘lish) to‘g‘risida ma’lumotlar olinganda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari xodimlari tayinlangan pensiyaga bo‘lgan huquqni tasdiqlash uchun pensioner turgan joyga chiqishlari mumkin.
Pensioner xorijiy davlatda bo‘lgan va sog‘lig‘i tufayli O‘zbekistonga kelish imkoniyatiga ega bo‘lmagan holatlarda pensioner O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga murojaat etishi mumkin va xorijiy davlat hududida doimiy yashash holati mavjud emasligini, shuningdek, xorijiy davlat hududida pensiya va ijtimoiy nafaqa olmasligini tasdiqlashi lozim.
Ishonchli vakil pensiya to‘lashga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan o‘ziga ma’lum barcha holatlar to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga xabar berishi shart.