TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. 8-iyul kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov shahar hokimligi tizimidagi loqaydlik, o‘zibo‘larchilik, ijro intizomiga rioya qilmaslik, hokimdan tortib rahbar-mutasaddilardagi befarqlik va boqimandalik fuqarolarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lganini ta’kidladi.
Raqam va tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bir qator jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yildi. Jumladan, 2017-yilning o‘tgan olti oyi davomida sanoat korxonalari tomonidan mahsulot ishlab chiqarish hajmi 5 milliard 200 million so‘mga kamaytirib yuborilgan, deb yozadi vodiymedia.uz.
Joriy yilga mo‘ljallangan dasturlardagi eng muhim loyihalar ijrosi uchinchi va to‘rtinchi choraklarga surib qo‘yilgan. Bugungi kunda shaharda 32 ta xususiy sanoat korxonalari faoliyat yuritmayapti.
Sessiyada avval xususiylashtirilgan, lekin hozirda foydalanilmayotgan binolarni tadbirkorlar tomonidan ishlatish, naqd pul tushumi prognoz ko‘rsatkichlarini ishga solib bajarish bo‘yicha rahbarlar tomonidan yetarli amaliy sa’y-harakatlar olib borilmaganligi keskin tanqid qilindi.
Kommunal to‘lovlardan qarzdorlikni kamaytirish, iste’molchilarga uzluksiz elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvini yetkazib berishda ham kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, hozirda aholining elektr energiyasidan qarzdorligi 35,9 milliard so‘mni, tabiiy gazdan esa 93,1 milliard so‘mga yetgan.
Odamlarning dardu tashvishlari bilan yashash, xalq bilan dildan va ochiq muloqot qilish, fuqarolarning murojaatlariga jiddiy e’tibor qaratish borasida ham sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. Masalan, O‘zbekiston prezidentining virtual qabulxonasiga kelib tushgan 7965 ta murojaatdan 3801 tasiga muddatini buzib javob qaytarilishi shahardagi birinchi rahbarning xalq bilan hamnafas bo‘lmaganini ko‘rsatadi.
Qurilish va bunyodkorlik ishlari, sanoatni rivojlantirish, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik subyektlariga keng yo‘l berish kabi muhim vazifalar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Qurilish ishlarida shaharsozlik talablariga amal qilinmagan.
Shahardagi ko‘pqavatli uylardagi shart-sharoitlar ham bugungi kun meyorlariga mutlaqo javob bermaydi. Aholi, xususan yoshlar bilan ishlash, sog‘lom ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, oilaviy nizolarning oldini olishda ham tizim yo‘qotib qo‘yilgan.
Sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rildi. Deputatlar viloyat hokimining Bahodir Bekxo‘jayevni o‘z arizasiga ko‘ra Namangan shahar hokimi vazifasidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorini tasdiqladilar.
Viloyat hokimi Namangan shahar hokimi lavozimiga hozirgi kunda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining departament mudiri sifatida ishlab kelayotgan Shavkat Abdurazzoqov nomzodini havola etdi. Mazkur qaror deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.