TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi qadimiy uslubda ta’mirlanadi, bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Namanganga safari chog‘ida ma’lum qilindi.
Mirziyoyev viloyatlarga safarlari chog‘ida har bir hududning tarixini o‘rganishga, ma’naviy merosini tiklashga alohida e’tibor qaratmoqda. Muborak qadamjolarni ziyorat qilib, ularni obod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bermoqda, deb xabar qiladi "Jahon" AA.
Namanganga safari davomida O‘zbekiston prezidenti Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohini rekonstruksiya qilish loyihasi bilan tanishdi.
Mirziyoyev bu qadamjoni qadimiy usulda ta’mirlash, keng va obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, bu maskanda kutubxona tashkil etish, yosh avlodni yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalash bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Qadriyat uz nashriga ko‘ra, Uvays al-Qaraniy Islom olamida Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) g‘oyibona oshiq bo‘lganlarning sardori sifatida mashhur bu zot "Abu Amr" kunyasi bilan tanilgan.