TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bemor Muhammadjon Rashidovning holati yuzasidan Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Rasulovning axborotini e’lon qildi.
Ilgariroq ijtimoiy tarmoqlar va saytlarda Muhammadjon Rashidovning shifokorlar tomonidan "vafot etdi" deb uning buvisiga topshirilgani, biroq chaqaloq janozasi vaqtida "tirilgani" haqida turli xabarlar tarqalgan.
Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining ma’lumotiga ko‘ra, 2017-yil 14-may kuni tug‘ilgan Muhammadjon Rashidov 10-iyun kuni Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga "Markaziy nerv tizimining perinatal zararlanishi. Chaqaloqlar gemolitik kasalligi. Homila ichi infeksiyasi" tashxisi bilan og‘ir ahvolda chaqaloqlar jonlantirish bo‘limiga qabul qilingan. Shundan so‘ng barcha laborator va instrumental tekshiruvlar o‘tkazilgan. Reanimatsion va intensiv davo muolajalari qo‘llanilganiga qaramay, bemor ahvoli o‘ta og‘irligicha qolgan.
Oxirgi vaqtlarda bemorda qo‘shimcha ravishda qorin taranglashishi, dam bo‘lishi, qorinning kattalashishi, ich kelmasligi, tana haroratining ko‘tarilishi, qayt qilish kabi belgilar kuzatilgan. Shundan so‘ng bemor jarrohlar tomonidan qayta konsultatsiya qilingan va unga "Yarali nekrotik enterokolit, yo‘g‘on ichak stenozi, peritonit" tashxisi ham qo‘yilgan.
Axborotda aytilishicha, bunday vaziyatda operativ davo lozim bo‘ladi. Ammo chaqaloqning ahvoli og‘irligi bois operatsiya katta xavf ostida qilinishi bemor yaqinlariga tushuntirilgan. 28-iyun kuni Muhammadjon Rashidovning onasi tilxat asosida operatsiyaga roziligini bildirgan. Shu kuni soat 15:30dan bemor operatsiyaga tayyorlana boshlanadi va soat 17:00 dan 18:50 gacha jarrohlik amaliyoti bajariladi.
Ushbu amaliyotdan so‘ng "Sepsis. Homila ichi infeksiyasi. Yarali nekrotik-gangrenoz total enterokolit. Yo‘g‘on ichaklar va ingichka ichak yaralarining perforatsiyasi. Tarqalgan najasli-yiringli-fibrinli peritonit. Endotoksikoz" tashxisi qo‘yiladi.
Shifokorlarning barcha amaliy choralarni ko‘rishiga qaramasdan bemor ahvoli og‘ir bo‘lgan. Jarroh ushbu murakkab vaziyatni bemorning qarindoshlariga tushuntirgan. Shundan so‘ng bemorning buvisi bolani uyga olib ketmoqchi bo‘ladi. Shifokorlarning ruxsat bermasligiga qaramay, tilxat asosida 28-iyun kuni soat 19:30 da Muhammadjon Rashidovni uyga olib ketgan.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining ta’kidlashicha, bemor uyiga olib ketilayotganda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidek vafot etgan emasdi, u tirik bo‘lgan. Bu haqda bemorning buvisi Shahnoza Hamidova tilxat ham yozgan. Bola vafot etgani haqidagi xulosa uning yaqinlari tomonidan qilingan va bu haqda tibbiyot xodimlariga xabar berilmagan.
Bemor shifoxonadan olib ketilgan kunning o‘zidayoq soat 22:30 – 23:00 larda Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining reanimatsiya bo‘limiga uni yana qaytarib olib kelishgan va davo muolajalari davom ettirilgan.
Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi bolalar jarrohi I.Karimov bemor Muhammad Rashidovning barcha tahlil natijalari va kasallik tarixi bilan tanishib, konsultatsiya qildi. U tashxis to‘g‘ri qo‘yilgani va barcha muolajalar standart asosida olib borilganini qayd etib, qo‘shimcha tavsiyalar berdi.
Axborotda bemor hozirda jonlantirish bo‘limida ekanligi, davo muolajalari davom ettirilayotgani ma’lum qilingan.