Prezident: Shifokor bemor kelishini kutmasin, kasallikning oldini olsin

Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahrida qurilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Qarshi filiallari loyihalari taqdimotida ishtirok etdi

TOShKENT, 25 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga safari davomida Qarshi shahrida qurilayotgan Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Qarshi filiallari loyihalari taqdimotida ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi hukumat portali.

"Sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan ishlarimiz ko‘p. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatida ham yechimini kutayotgan masalalar anchagina. Mavjud markazlar filiallarini viloyatlarda tashkil etish bilan ko‘plab masalalarga yechim topish mumkin", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bolalar shifoxonasi - Sputnik O‘zbekiston
Davlat shifoxonalarida elektron navbat joriy etiladi

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 150 o‘rinli Qarshi filialida yiliga 700-800 jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Diabetik nefropatiya, umumiy endokrinologiya va diabetologiya, qalqonsimon bez va diabetik to‘piq jarrohligi kabi bo‘limlarni o‘z ichiga olgan markaz eng so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Qarshi filialida klinik-bioximik laboratoriya, avtoklav, poliklinika, rentgen-endovaskulyar jarrohlik bo‘limi, aritmologiya, arterial-gipertenziya, yurak ishemik kasalliklari, reabilitatsiya, kardiojarrohlik bo‘limlari tashkil etiladi.

120 o‘rinli markaz joriy yilning dekabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Prezident mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, bu markazlarning tashkil etilishidan maqsad aholiga yanada ko‘proq qulayliklar yaratish, ularning sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilish ekanini alohida ta’kidladi.

"Bir narsani esdan chiqarmaslik lozim: markaz xodimlari bemorning kelishini kutishi kerak emas, aholi orasida yurib profilaktika va tibbiy madaniyatni oshirish bilan shug‘ullanishi lozim", dedi prezident.

Prezident Uzbekistana Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Tibbiyot sohasi - tanqiddan bir oy o‘tib

Davlat rahbari Qashqadaryo viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining yangi binosi loyihasi bilan tanishdi.

Bugungi kunda mazkur shifoxona 1990-yillarda qurilgan binoda joylashgan bo‘lib, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda bir qancha noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Eng so‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar bilan jihozlanishi kutilayotgan shifoxonada virusli gepatitning oldini olish, diagnostika va davolash ishlari olib boriladi.

Prezident aholining tibbiy madaniyatini oshirish, mahallalar, ta’lim muassasalarida yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli tushuntirish ishlarini olib borish kerakligini alohida ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev viloyatda poliklinikalar, tuman tibbiyot birlashmalari faoliyatini takomillashtirish, tez tibbiy yordam xizmatlarini yangidan tashkil qilish, qishloq vrachlik punktlarini optimallashtirish, tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha markazlar tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Yangiliklar lentasi
0