TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda 2018-yil 1-yanvardan boshlab nodavlat notariuslar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda, deb xabar bermoqda "Darakchi".
Xabarga ko‘ra, Toshkentda "Taraqqiyot strategiyasi" markazi tomonidan joriy yilning 12-17 iyun kunlari jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ekspertlari, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakillari, notariuslar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekistonning barcha hududlaridan 1 ming 104 fuqaro ishtirok etgan so‘rov aholi o‘rtasida notarial xizmatlarga bo‘lgan talab yuqori ekanini ko‘rsatdi. So‘rov ishtirokchilarining har uchinchisi so‘nggi bir oyda notariuslarga murojaat qilgani, har to‘rtinchi respondent oxirgi uch oyda mazkur turdagi davlat xizmatidan foydalangani shundan dalolat bermoqda.
So‘rovda ishtirok etganlar notarial idoralardagi ortiqcha vaqt va mablag‘ yo‘qotishlar, xodimlar sonining kamligi, notariuslarning muomala madaniyati va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish malakasi pastligini tizimdagi asosiy muammolar sifatida ko‘rsatgan.
So‘rovda fuqarolarning uchtadan bittasi notarial idoralar tomonidan xizmat ko‘rsatish tartib-taomillarini, notarial xizmatlar uchun olinadigan davlat boji miqdorlarini bilmasligi ma’lum bo‘lgan.
Anjumanda ma’lumot berilishicha, 2018-yil 1-yanvardan boshlab nodavlat notariuslar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Amalga oshirilayotgan notarial harakatlarning qariyb yarmi turli hujjatlarni tasdiqlash bilan bog‘liqligi inobatga olinib, majburiy tasdiqdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan hujjatlar sonini qisqartirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Fuqarolarning notariuslar qabuliga elektron tartibda yozilishini yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda. Tizim ishga tushishi natijasida murojaat etuvchilarning notarial idoralar oldida navbat kutishiga barham beriladi.