TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. Shu kunlarda Samarqandda "Sharq taronalari" o‘n birinchi xalqaro musiqa festivaliga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi matbuot xizmati.
Registon maydonida festivalning asosiy sahnasi o‘rnatilib, ochilish marosimiga tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Mirzo Ulug‘bek madrasasi, Samarqand hunarmandlar markazi va shahardagi muzeylarda "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali tarixiga oid fotosuratlar, milliy musiqa asboblari, tarixiy liboslar, tasviriy va amaliy san’at asarlari, milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmalari tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Tadbir ishtirokchilarining Samarqand shahri va Oqdaryo, Urgut, Tayloq, Samarqand, Jomboy, Pastdarg‘om, Payariq tumanlaridagi madaniyat va istirohat bog‘lari, bolalar musiqa va san’at maktablarida festivaldan tashqari konsert dasturi namoyish etishi uchun ushbu maskanlarda zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Festival O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 1997-yilda tashkil etilgan va har ikki yilda o‘tkazib kelinadi.
Bu yil festival 25-avgustdan 30-avgustga qadar o‘tkaziladi.