TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. Qadimiy va navqiron shahrimizda bu yil o‘n birinchi bor «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi, deb xabar qildi Samarqand viloyati hokimligi matbuot-xizmati.
Xabarda aytilishicha, viloyat hokimligida mazkur nufuzli festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlandiki, ayni paytgacha bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan 500 nafardan ziyod musiqashunoslar, xonanda va sozandalar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishi kutilayotgan bu galgi anjumanni avalgilaridanda fayzli, shukuhli o‘tkazishga nafaqat Samarqand shahri, balki tumanlarda ham katta ishtiyoq bilan hozirlik ko‘rish lozim.
— Samarqand shahri hamda tumanlar ko‘chalarini obodonlashtirish, anjuman qatnashchilarini kutib olish darvozalari — aeroport hamda temir yo‘l vokzali, ular joylashadigan mehmonxonalarda xalqaro andazalarga mos, sifatli servis xizmatlarini ko‘rsatish darajasi xalqimizning mehmondo‘stligi, davlatimizning salohiyatini namoyon etishi kerak, — dedi hokim. — Tayyorgarlik jarayonlarida mayda ishning o‘zi bo‘lmaydi.
Kezi kelganda, mehmonlar bilan o‘zaro yaqin muloqotda bo‘lish, ularni shahrimiz obidalari, bugungi hayoti bilan tanishtirish maqsadida ingliz, xitoy, koreys, yapon, ispan, fransuz, nemis, italyan, arab, turk, rus tillarida bemalol so‘zlasha oladigan professor-o‘qituvchilar va talabalardan iborat tarjimon hamda gidlar tanlansin. Ishtirokchilarga transport, oshxona va boshqa xizmatlarni ko‘rsatuvchilar tibbiy ko‘rikdan, ularning siyosiy, ijtimoiy bilimlari suhbatdan o‘tkazilishi, maxsus kiyimlar bilan ta’minlanishi shart.
Shuningdek, tadbirda mehmonlarni tarixiy obidalar, sanoat korxonalari, mustaqillik yillarida qurilgan boshqa obyektlar bilan tanishtirish, qatnashchilar ishtirokida Samarqand, Tayloq, Jomboy, Oqdaryo, Pastdarg‘om va Urgut tumanlaridagi mahalla, o‘quv muassasalari va istirohat bog‘larida konsert tadbirlarini saviyalitashkil etish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Registon maydoni va tadbir o‘tadigan boshqa maydonlarda xalq amaliy san’ati asarlari va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, Samarqand noz-ne’matlaridan kompozitsiyalar, festivalga doir ilmiy-ijodiy konferensiya, chet el hamda mahalliy jurnalistlar uchun matbuot anjumanlari tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar topshirildi.