TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. Namangan davlat universiteti qoshida til o‘rgatish bo‘yicha maxsus maktab tashkil etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida aytib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 2-noyabr kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda Ishoqxon Ibrat haqida alohida to‘xtalib, u kishiga atab zamonaviy bog‘ yaratish, yodgorlik majmuasi va "Ibrat maktabi"ni tashkil qilish tashabbusini bayon etgan edi.
"XIX asrda To‘raqo‘rg‘on zaminida tug‘ilib o‘sgan Ibrat domla arab, fors, rus, hind, urdu, ingliz, fransuz tillarini yaxshi bilgan, —dedi prezident.- Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lib, Sharq va Yevropa ilm-fani, madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishgan, yurtimizga ilg‘or madaniyat va texnika yangiliklarini olib kirishga intilgan".
Prezident taklifi jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanib, To‘raqo‘rg‘onda Ishoqxon Ibratga bag‘ishlangan so‘lim bog‘, yodgorlik majmuasi va "Ibrat maktabi" tashkil etilmoqda.
Bog‘ odamlarning mazmunli hordiq chiqarishiga qulaylik yaratish bilan ma’naviy olamini ham boyitadi. Bu yerda Ishoqxon Ibrat haykali o‘rnatiladi. Muzey Ishoqxon Ibratning hayoti, serqirra faoliyati bilan tanishtiradi. "Ibrat maktabi"da yoshlar xorijiy tillarni o‘rganadi.
Davlat rahbari mazkur kompleksni mazmun jihatidan takomillashtirish, til o‘rgatish bo‘yicha maxsus maktabni Namangan davlat universiteti qoshida tashkil etish, bu yerda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda xorijiy tillarni ixtisoslashtirilgan tarzda o‘rgatish zarurligini ta’kidladi. O‘qituvchi va o‘quvchilarga zarur sharoitlar yaratish, majmua atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
"Gap yoshlar tarbiyasi haqida borar ekan, bu borada shoshmaslik, yoshlar va ota-onalarning talab-istaklaridan kelib chiqib, har tomonlama puxta o‘ylab ish tutish kerak", dedi O‘zbekiston prezidenti.
Shavkat Mirziyoyev tumandagi Namangan ko‘chasida xalq ichiga kirib, odamlar bilan muloqot qildi. Aholi Prezidentimiz tashrifidan xursandligini, amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangiliklar uchun minnatdorlik izhor etdi.