TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Bugun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Tojikiston Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi TIVning matbuot xizmati.
Uchrashuv chog‘ida ikki tomon munosabatlarining ayrim masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar davomida turli darajalarda bo‘lajak O‘zbekiston-Tojikiston uchrashuvlari jadvali ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Xalqaro Press klubda o‘tkazilgan jonli muloqot davomida O‘zbekiston TIV rahbari O‘zbekistonning Rog‘un GESi qurilishi bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmaganini ma’lum qilgan edi. Kamilov so‘zlariga ko‘ra, agar Tojikiston Rog‘un GESini qurishni istar ekan, bunga O‘zbekiston e’tiroz bildirmasligini, faqat bu yerda har bir tomonning manfaatlari hisobga olinishi, tomonlar o‘zaro kelishib olishlari zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston televideniyasi orqali o‘zbek-tojik munosabatlari to‘g‘risida juda yaxshi film namoyish qilindi. Kamilov tomonidan mazkur film o‘ta do‘stona ruhda tayyorlanganligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.