TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. Samarqand avtomobilsozlik kollejining 28 nafar bitiruvchisi "Jv Man Auto– Uzbekistan" qo‘shma korxonasida ishlaydigan bo‘ldi. Bu haqda zarnews.uz xabar bermoqda.
Joriy o‘quv yilida kollej bitiruvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda ularning aksariyati "JV MAN Auto-Uzbekistan" qo‘shma korxonasida ishlash niyatida ekanligini bildirdi.
Korxona xodimlari ana shunday istakdagi yoshlar bilan suhbatlashib, ularning bilimini sinovdan o‘tkazdi va testda yuqori ball to‘plagan 46 nafar o‘quvchi saralab olindi. Ular korxona sexlarida yana bir bor nazariy va amaliy sinovlardan o‘tdi.
Yakunda 28 nafar bitiruvchi ushbu zavodda ish faoliyatini boshlaydigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, bu yil kollejni bitirgan 300 nafarga yaqin yoshlar "Samarqand avtomobil zavodi", "Samarqand avtotexxizmat", "Uz Auto Trailer" va boshqa korxonalarda mehnat faoliyatini boshlaydi.