TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi farmoniga asosan, 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida "katta yetakchi" va "to‘garak rahbari" shtat birliklarini tugatish hisobiga lavozim maoshi yuqori sinf o‘qituvchisiga tenglashtirilgan "yoshlar yetakchisi" shtat birligi joriy etildi.
Farmonda shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida "yoshlar yetakchisi" vazifasi yuklatilgan xodimga o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oliy ma’lumotli o‘qituvchi bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida har oylik ustama belgilanishi ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga,O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshida yoshlarning xohish va intilishlaridan kelib chiqib, yoshlar uyushmalari hamda yoshlarga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatish markazlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etilishi Farmonda belgilab berilgan.