TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining nashrlarini chop etishga ixtisoslashgan "Yoshlar nashriyoti uyi" tashkil etiladi.
Bundan ko‘zlangan maqsad yoshlarning ilmiy va ijodiy faoliyat natijalarini, ilm-fan va adabiyotga bo‘lgan qiziqishlarini hamda yoshlar siyosatiga oid muhim yangiliklarni keng yoritishdir.
Shuningdek, qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, iste’dod va qobiliyatini yuzaga chiqarish, ular orasida haqiqiy yetakchilarni tarbiyalash ishlarini yanada kuchaytirish maqsadida "Qizlarjon" jurnali ta’sis etiladi.
Bundan tashqari, farmonga ko‘ra, yoshlarda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan "Men sevib o‘qigan kitob" va "Eng yaxshi kitobxon" respublika tanlovlari, "Kitob bayrami" va "Bolalar kitoblari" an’anaviy respublika festivallari, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik hissini qaror toptirishga qaratilgan aksiyalar, yozuvchilar, shoirlar, san’atkorlar, adabiyotshunos olimlar bilan ijodiy uchrashuvlar va master-klasslar tizimli tashkil etiladi.