TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. 2017-yil 29-iyun kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan "Ichki ishlar organlari xodimlarining turar-joy sharoitlarini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan Ichki ishlar organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomi tasdiqlangan.
Nizom talablariga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan imtiyozli ipoteka kreditlarini olishning 2 xil varianti ko‘zda tutilgan:
1. Barcha ichki ishlar organlari xodimlar uchun — ipoteka kreditlari xodimlarga tijorat bankida xodimning nomiga ochilgan milliy valyutadagi jamg‘arma omonat hisob raqamiga xodim tomonidan turar joy qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal to‘langandan keyin kamida 10-yil muddatga, qayta moliyalashtirish stavkasining 2 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorida (shaxsiy va bank mablag‘lari hisobiga) yoki kelishuv stavkasi (kredit liniyalari hisobiga berilgan kreditlar)ga ko‘ra;
2. Ichki ishlar organlarining alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlari uchun — qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi va Shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturi, shuningdek turar joylar barpo etishning boshqa dasturlari doirasida arzon ko‘p kvartirali uylardan kvartiralar sotib olish uchun tijorat banklarining uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari navbatdan tashqari tartibda kamida 10-yil muddatga beriladi. Bunda 25 foizli dastlabki badal to‘lovi IIV tomonidan, qayta moliyalashtirish stavkasining 2 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorida (shaxsiy va bank mablag‘lari hisobiga) yoki kelishuv stavkasiga ko‘ra (kredit liniyalari hisobidan), shuningdek davlat tomonidan kreditning ½ foizi to‘lovi orqali kiritiladi.
Qarorga muvofiq, dasturlar doirasida arzon ko‘p kvartirali uylarda har yili qo‘shimcha ravishda kamida 500 ta kvartira (2021 yilgacha 2520 kvartira) qurishni moliyalashtirish uchun shu jumladan xalqaro moliya institutlarining, tegishli tijorat banklarining mablag‘lari hisobiga kredit liniyasi ochilishi ta’minlanadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.