TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. Barcha harbiy litseylar — "Temurbeklar maktabi"ga aylantiriladi, bu haqda 5-iyul kuni e’lon qilingan O‘zbekiston prezidentining Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonida aytildi.
"Buyuk davlat arbobi va sarkarda Sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishini inobatga olgan holda respublikaning barcha harbiy akademik litseylariga "Temurbeklar maktabi" nomi berilsin", — deyilgan hujjatda.
Shuningdek, Farmonda "O‘zbekiston "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakatining 2017-yil 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan IV qurultoyi qaroriga muvofiq O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin", deb qo‘shimcha qilingan.