TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. LDPR partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiy Moskva gidrometeorologiya markazini (Mosgidromet) tarqatib yuborishni talab qildi, deb xabar berdi RIA Novosti LDPR TVga tayanib.
Siyosatchi poytaxt sinoptiklarini ular moskvaliklarni yomg‘ir yog‘ishi haqida ogohlantirishmagani uchun tanqid qildi.
"Moskvaga qora bulut yaqinlashayotganini hattoki men ham ko‘rdim. Oynani ochinglar, Moskva gidrometmarkazidagi amaldorlar. Sizlar nega 20 daqiqadan keyin kuchli jala bo‘lishi haqida ogohlantirmaysizlar?" — deya norozi bo‘ldi Jirinovskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, seshanba kuni u ilk marta "suyak-suyagigacha" ivib ketgan, ammo darhol zaxiradagi kostum va tuflisini kiyib olgan.
Iyul boshidan beri Markaziy Rossiyada noodatiy ob-havo hukm surmoqda.
Ilgariroq FVV noaniq va kechikib berilgan ob-havo ma’lumoti uchun sinoptiklarni jazolashni taklif qilgan edi. Rosgidrometmarkaz bunga javoban tashkilotda "amalga oshmagan" ob-havo ma’lumoti uchun xodimlar mukofotdan mahrum qilinishini, shu bois qo‘shimcha jarimadan ma’no yo‘qligini bildirgandi.