TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bilan o‘tkazilayotgan bevosita muloqot chog‘ida xorijlik fuqaroning O‘zbekistonga kirish chog‘ida yonida bo‘lgan dori vositalari olib qo‘yilganligi va bu qanchalik qonuniy ekanligi haqida savol kelib tushdi.
Kamilov ushbu savolga javob berarkan, boshqa mamlakatga safarga chiqayotgan inson avvalo o‘sha mamlakatning urf-odati, qonun-qoidalari bilan ozgina bo‘lsa-da tanishib chiqishi lozimligini aytdi va O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi vakili vazirning ushbu fikriga qo‘shilgan holda quyidagicha qo‘shimcha qildi:
O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan har bir shaxs bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishi va o‘zi bilan olib kirayotgan buyum va valyutalar haqida ma’lumotni ko‘rsatishi shart.
Olib kirish miqdori qonunan cheklangan dori vositalari deklaratsiyada ko‘rsatilmagan bo‘lsa ular olib qo‘yiladi.
“Afsuski, aksariyat fuqarolarimiz o‘zlari bilan olib kelayotgan valyuta miqdorini bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatishdan qo‘rqishadi. Yoningizda qancha pul bo‘lsa ham qo‘rqmay deklaratsiyada ko‘rsatishingiz mumkin. O‘zbekiston hududiga valyuta olib kirishda hech qanday cheklov yo‘q. Istaganingizcha pul bilan kirishingiz mumkin”, dedi bojxona vakili.