TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. O‘zbekiston tarixidagi eng yosh vazir o‘rinbosari, 22 yashar Alisher Sa’dullayev xalqaro press-klub yig‘ilishi doirasida o‘zining ushbu lavozimga tayinlanishini izohladi va yaqin kelajakdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Sa’dullayevning so‘zlariga ko‘ra, u ishni maktabgacha ta’lim maskanlarini rivojlantirishdan boshlamoqchi. Yosh vazirning aytishicha, aynan ushbu muassasa bola tarbiyasida juda katta rol o‘ynaydi.
"Bugungi kunda 5 milliondan ortiq inson taqdiri Xalq ta’limi vazirligi faoliyatiga bog‘liq, shulardan 1 millioni — bu maktab o‘quvchilari, qolganlari — bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilaridir.
Inson dunyoqarashi aynan maktabgacha ta’lim muassasalarida shakllanadi, shu bois bolalar bog‘chalari faoliyatida xalqaro standartlarni joriy etishga e’tibor qaratish lozim. Bu uzluksiz tizim bo‘lib, bolaning maktabdagi o‘qishi muvaffaqiyatli kechishi uchun, u avval boshdanoq bog‘chada yaxshi ta’lim olishi kerak", — deb qayd etdi Sa’dullayev.
"Bu yerda ota-onalar bilan hamjihatlikda ish olib borishimiz lozim. Shu bois, kelajakda xalqaro standartlarni bog‘chalarda joriy qilish uchun hozirdanoq maktabgacha ta’lim tizimini sinchkovlik bilan o‘rganishga kirishaman", — dedi u.
Yosh amaldorning so‘zlariga ko‘ra, u uchun hozirda eng muhimi — bu avvalo, O‘zbekiston prezidenti ishonchini oqlash, chunki hozir u qo‘yayotgan yo‘l orqali, kelajakda davlat farovonligi uchun xizmat qiladigan o‘nlab yosh kadrlar hokimiyatga kirib kelishi mumkin.