TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani hokimligi sport ishlari bo‘limi boshlig‘i 39 yoshli Isroil Janibilovni 1000 dollar olayotganida qo‘lga olishdi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiriga kuch tizimi vakili xabar berdi.
Suhbatdoshning aytishicha, u F.U. ismli abituriyentning ota-onasidan uni Guliston davlat universitetiga o‘qishga kirishida yordam berish evaziga 2000 dollar talab qilgan.
"U qolgan 1000 dollarni abituriyent test sinovlaridan o‘tib o‘qishga kirganidan so‘ng olishni mo‘ljallagan. Bosh prokuratura qoshidagi departament Janibilovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qator moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, tergov ishlari davom etmoqda. Hozirda operativ xodimlar Janibilovning Guliston davlat universitetidagi jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha ish olib borishmoqda", — dedi MXX vakili.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati mamlakat oliygohlariga kirish imtihonlari arafasida oliy ta’lim tizimidagi salbiy holatlarga chek qo‘yish, test sinovlarida xolislik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha rejali chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Masalan, shu kunlarda tezkor xodimlar Samarqand davlat universitetining filologiya fakulteti dekani o‘rinbosari Normuhammad Ubaydullayevni pora olayotganida qo‘lga olishdi. U 22,5 ming dollar evaziga uch abituriyentni o‘qishga kiritib qo‘yishga va’da bergan.