TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda yagona ko‘mir ishlab chiqaruvchi bo‘lgan "O‘zbekko‘mir" aksiyadorlik jamiyati 2017-2021 yillarda sohani rivojlantirishga 585,3 million dollar sarflaydi, deyilgan Shavkat Mirziyoyevning yangi qarorida, RIA Novosti xabariga asosan.
Xususan, dastur Toshkent viloyatida umumiy qiymati 240,2 mln dollar bo‘lgan, qo‘ng‘ir ko‘mir qazib olish bo‘yicha ikkita yangi shaxta qurishni, Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 105,5 mln dollar bo‘lgan toshko‘mir qazib olish konini zamonaviylashtirishni, 47,8 million dollarga asbob-uskunalarni yangilashni hamda temiryo‘l xo‘jaligini yangilash uchun – 44,5 million dollar sarflashni nazarda tutgan.
Dasturni moliyalash chet el banklarining 378,7 mln, O‘zbekiston banklarining 94,2 million dollarlik kreditlari, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondining 67,3 million va "O‘zbekko‘mir"ning 45,1 million dollarlik mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ushbu dasturni amalga oshirish natijasida 2022-yilga qadar ko‘mir qazib olish hajmi 2016-yilga nisbatan 2,9 barobarga oshadi. Qazib olinayotgan yangi hajmdagi ko‘mirning yarmidan ko‘pi — 6,9 mln tonnasi yer osti uslubi bilan amalga oshiriladi. Shu kunga qadar O‘zbekistonda yer osti uslubi bilan 200 ming tonnadan ortiq ko‘mir qazib olinar edi.
"O‘zbekko‘mir" 1948-yildan beri Toshkent viloyatidagi eng yirik Angren qo‘ng‘ir ko‘mir konidan yer usti uslubida ko‘mir qazib olish bilan shug‘ullanadi. Undan tashqari, tashkilotning sho‘’ba korxonalari Surxondaryo viloyatida yer osti uslubida ko‘mir qazib olish bilan shug‘ullanadi.
O‘zbekistonning ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji har yili 4 million tonnani tashkil qiladi. Respublikada ko‘mirning asosiy iste’molchisi bu — "O‘zbekenergo" issiqlik elektr stansiyalari. Ular qazib olinayotgan ko‘mirning 3,5 mln tonnasini iste’mol qiladi. Bir qator IESlarning tabiiy gazdan ko‘mirga o‘tkazilishi munosabati bilan "O‘zbekenergo"ning ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoji 6,5-7 mln tonnagacha oshishi kutilmoqda.