TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va "Donskoy tekstil" MChJ o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini korxonada ishlashga jalb etish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda agentlikning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar qilindi.
Xabarda aytilishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida Rossiyaning "Ximpek" kompaniyalar guruhi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
"Ximpek" kompaniyalari guruhi Rossiyada "PortaBulk" konteynerlari, korxonalar uchun kimoviy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniya hisoblanadi.
Uchrashuv davomida xodimlar bilan ishlash bo‘yicha direktor T. Andreyeva "Ximpek" kompaniyalar guruhi va uning Rostov viloyatidagi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Bu yerda guruh tarkibiga kiruvchi mebel ishlab chiqaruvchi va tikuvchilik korxonalari joylashgan. "Donskoy tekstil" tikuvchilik korxonasi O‘zbekistondan uyushgan ishchi kuchini jalb etish bo‘yicha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlik qilishni rejalashtirgan. Hozirda mazkur korxonada 15 nafar o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda.
T. Andreyevaning aytishicha, korxona xodimlarni yashash uchun barcha sharoitlar — keng turar-joylar, televizor va mikroto‘lqinli pechlar qo‘yilgan oshxonalar, zamonaviy kir yuvish mashinalari bilan jihozlangan kirxonalarga ega bepul yotoq bilan ta’minlaydi.
Korxona yil davomida ishlagan taqdirda o‘z hisobidan safar xarajatlarini qoplash, xodimning bo‘lajak maoshi hisobidan patent rasmiylashtirishni zimmasiga olishga tayyor.
Uchrashuv davomida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va "Donskoy tekstil" MChJ o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini korxonada ishlashga jalb etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.