TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. O‘zbekiston hukumati "O‘zagroeksport" aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori Jamshid Xolmuhamedovni iste’foga chiqardi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Xolmuhamedov shuningdek, "O‘zbekoziqovqatxolding" xolding kompaniyasi raisi o‘rinbosari lavozimidan ham bo‘shatildi. Ilgariroq "O‘zbekoziqovqatxolding" raisi Odilxon Rustamov ham iste’foga chiqarilgandi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qarorlar o‘tgan haftada 2017-yil birinchi yarim yilligida eksport dasturining ijrosiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng qabul qilindi. Videoselektorda davlat rahbari meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmidan mutlaqo qoniqarsiz ekanligini bildirgan va "O‘zbekoziqovqatxolding" xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi O.Rustamov, "O‘zagroeksport" aksiyadorlik jamiyati bosh direktori J.Xolmuhamedov egallab turgan lavozimiga noloyiqligini ko‘rsatib o‘tgandi.
Prezident farmoniga asosan,"O‘zbekoziqovqatxolding" kompaniyasining yangi raisi etib "O‘zavtosanoat" AJning raisi o‘rinbosari Tohirjon Jalilov tayinlandi.
"O‘zagroeksport" kompaniyasi o‘tgan yilning aprelida tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekistonda yetishtirilgan yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bo‘yicha monopoliyaga aylantirilgandi.
Iyun oxirida davlat rahbari mazkur monopoliyani bekor qildi va tadbirkorlik subyektlariga 2017-yilning 1-iyulidan meva-sabzavot, uzum va rezavor mevalar eksportini amalga oshirish huquqini berdi.