TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida so‘zlagan nutqida ijtimoiy tarmoqlarda o‘tiradigan yoshlarni tanqid qildi.
"Hozirgi kunda mamlakatimizda kitobxonlik saviyasini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga katta ahamiyat berilayotgani sizlarga ma’lum. Lekin, ko‘plab bolalarimiz kitobdan uzoqlashib, ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani — bu ham bor gap.
Shuni hisobga olgan holda, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Internet tizimi orqali ma’naviy targ‘ibot ishlarini, jumladan, elektron kitobxonlikni kuchaytirishi zarur", — dedi Mirziyoyev.
"Nega deganda, biz farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan o‘tgan, yuksak ma’naviyat xazinasi bo‘lgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki qandaydir shubhali, zararli axborotlar asosida shakllanishiga beparvo qarab turolmaymiz" — qo‘shimcha qildi prezident.
O‘zbekiston rahbari aholi, eng avvalo, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik saviyasini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili "Eng kitobxon maktab", "Eng kitobxon mahalla", "Eng kitobxon oila" kabi yo‘nalishlarda tanlovlar o‘tkazish, yakuniy bosqich g‘oliblarini taqdirlash uchun qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarni mukofot tariqasida berishni taklif qildi.
"O‘ylaymanki, bu juda katta rag‘bat bo‘ladi", — qo‘shimcha qildi Mirziyoyev.