TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasida innovatsiyalar markazi — Mirzo Ulugbek Innovation Center tashkil qilinadi, dkb xbar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Yangi markaz axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik subyektlari va dasturchilarni birlashtiradi. Markaz O‘zbekiston hududida eksterritorial tartibda tashkil qilinadi. Ya’ni, axborot texnologiyalari sohasida ishlaydigan korxonalar, O‘zbekistonning qaysi hududida joylashgan bo‘lishiga qaramasdan, Innovatsiyalar markazining rezidenti bo‘lishi va uning imtiyozlaridan foydalanishi mumkin.
Innovatsion markaz tashkil qilishdan asosiy maqsad – ta’lim va kerakli malakaga ega bo‘lgan fuqarolar, avvalombor iqtidorli yoshlar uchun eng qulay sharoit yaratib berishdir. Innovatsiyalar markazini boshqaruvchi organ sifatida nazorat kengashi tashkil qilingan.
Prezident qaroriga ko‘ra, Innovatsiyalar markazi rezidentlarini 2028-yilning 1-yanvariga qadar barcha turdagi soliqlardan, davlat fondlari majburiy to‘lovlaridan, yagona ijtimoiy to‘lovlardan hamda olib kelinayotgan asbob uskunalar uchun belgilangan bojxona soliqlaridan ozod qilish ko‘zda tutilgan. Markaz o‘zi yaratgan mahsulot va xizmatlarni internet-magazin orqali xorijiy valyutaga sotish huquqiga ega.
Undan tashqari markaz rezidentlari valyuta tushumining bir qismini davlatga sotish majburiyatidan ozod qilinadi.
Shuningdek, markaz rezidentlariga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun xalqaro bank kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan xorijiy valyutada hisob-kitib qilishi mumkin. Innovatsion markaz taklif qilgan xorijiy mutaxassislar esa 2028-yilga qadar jismoniy shaxslar uchun belgilangan soliqning imtiyozli stavkalaridan (daromad solig‘i — 7.5%, nafaqa fondiga — 4.5%) foydalanishi mumkin.
Axborot texnologiyalari vazirligi va Soliq qo‘mitasi zimmasiga berilgan ushbu imtiyozlarning samaralarini yilma-yil tekshirib borish yuklatilgan.