Toshkentda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi boshlandi

Obuna bo‘lish
21-23 sentabr kunlari Toshkent va Namangan shaharlarida an’anaviy “ICTExpo – 2016” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

TOShKENT, 20 sen – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida ma’lum qilinishicha, Haftalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa qator hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan.

Haftalik doirasida 20-sentabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sammiti o‘tkaziladi. Unda hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish va mustahkamlash, sohadagi yutuq va muammolarni muhokama qilish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashish maqsadida o‘zbekistonlik va xorijlik mutaxassislar qatnashadilar.

21-23 sentabr kunlari esa Toshkent va Namangan shaharlarida an’anaviy “ICTExpo – 2016” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Unda axborot xizmatlari bozorida taqdim etilayotgan eng zamonaviy tizim va texnologiyalar namoyish etiladi. O‘zbekiston kompaniyalari yuqori texnologiyali mahsulotlar, dasturiy ta’minot, kompyuter texnikasi, mobil aloqa va ma’lumotlar uzatish xizmatlarini taqdim etadi. Shuningdek, “elektron hukumat” bo‘yicha amalga oshirilgan loyiha va texnologiyalarning eng yaxshi namunalari ham namoyish qilinadi. 

Haftalikning muhim voqealaridan biri bo‘lgan “ICT Forum – 2016”da axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasini yanada rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari muhokama etiladi. Joriy yilda mazkur forumda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yetakchi kompaniyalar vakillari, ekspertlar va xorijiy mutaxassislar – jami 800 dan ziyod kishi ishtirok etadi. Unda mavzuga oid sakkiz yo‘nalishda yuzdan ortiq ma’ruza taqdim etiladi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida talaba va o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “BestSoft Challenge – 2016” dasturchilar tanlovi g‘oliblari ham taqdirlanadi. Yoshlar ijod saroyida esa “Intellect2All” tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tadi. Dasturchi, dizayner va menejerlar zamonaviy bozor uchun dolzarb bo‘lgan veb-loyiha va mobil ilovalar ustida real vaqt rejimida ish olib boradi. Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri jamoalari tanlovning 30 million so‘mlik mukofot jamg‘armasiga sazovor bo‘lish uchun o‘zaro bahslashadi.

Shuningdek, axborot xavfsizligi bo‘yicha O‘zbekistonda ilk “Cyber Security Challenge Uzbekitan” musobaqasi ham bo‘lib o‘tadi. Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 97 nafar final ishtirokchisi steganografiya, kriptografiya, veb-bog‘lanish va dasturiy ta’minot bilan bog‘liq murakkab texnik vazifalarni bajaradi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida talabalarga nafaqat laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish, balki ilmiy ishlarni bajarish imkonini beradigan Huawei kompaniyasi laboratoriyasining ochilish marosimi o‘tkaziladi.

Yangiliklar lentasi
0