TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida Toshkent garnizoni hududidagi harbiy qism va muassasalar harbiy xizmatchilarining oila a’zolari uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi, deb xabar qildi Toshkent shahar hokimligi matbuot-xizmati.
"Fuqarolarga bo‘sh ish o‘rinlari va mehnat qonunchiligidagi imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Tijorat banklari xodimlari tomonidan kollej bitiruvchilariga imtiyozli kredit ajratish shartlari bo‘yicha tavsiyalar berildi", — deyiladi xabarda.
Shayxontohur tumani bandlikka ko‘maklashish markazi ma’lumotiga ko‘ra tumandagi korxona va tashkilotlarda 1 ming 600 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lib, ish so‘rab murojaat qilayotgan fuqarolar mutaxassisligi bo‘yicha korxona va tashkilotlarga biriktirilib, yo‘llanma berilgan.
Harbiylarning turmush o‘rtoqlari shahar tibbiyot muassasalari, ta’lim dargohlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga qiziqish bildirmoqda, deb qayd etilgan xabarda.
Yarmarkaga ishga joylashish maqsadida kelgan Buvanbar Suyarova taklif etilayotgan ish o‘rinlari, mehnat sharoiti bilan yaqindan tanishgach, o‘z mutaxassisligi — matematika fani o‘qituvchisi sifatida Mirobod tumanidagi 147-umumta’lim maktabi yo‘llanma olgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.