TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. AQSh ma’muriyati aholisi asosan musulmonlardan iborat bo‘lgan 6 ta davlat fuqarolari va barcha qochqinlarga viza berish bo‘yicha yangi mezonlarni qabul qildi, deb xabar berdi RIA Novosti.
Xabarda ta’kidlanishicha, bunday chora tegishli da’vogarlarga vizani faqatgina AQShda yaqin oilaviy yoki ish aloqalarga ega bo‘lsagina berishni nazarda tutadi. Ular AQShda ota-onasi, eri yoki xotini, katta yoshdagi farzandlari yoki aka-uka hamda opa-singillari yashashini hujjat bilan isbotlab berishlari talab etiladi. AQSh vizasi berilishida o‘zoq qarindoshlar e’tiborga olinmaydi.
Shuningdek, yangi mezonlar AQShning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga chorshanba kuni yuborilgan.
AQSh oliy sudi dushanba kuni Donald Trampning migratsiya qarori bo‘yicha ishni eshitishga rozi bo‘ldi. Ko‘rib chiqish ushbu hujjatni to‘sib qo‘ygan quyi pog‘onadagi sudyalarning ko‘pchilik qarori bilan vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyida AQSh prezidenti Donald Tramp Suriyalik qochqinlarni qabul qilishni 120 kunga to‘xtatish va Iroq, Eron, Suriya, Sudan, Yemen, Liviya va Somali fuqarolarini 90 kunga AQShga kirishini cheklovchi qaror qabul qilgan edi. Migratsiyani cheklovchi ushbu qaror dunyoning ayrim mamlakatlarida va AQShning ko‘pgina shtatlarida noroziliklar keltirib chiqargan edi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.