Shavkat Mirziyoyev "Lukoyl" kompaniyasi rahbarini qabul qildi

© Sputnik / Mixail Mokrushin / Mediabankka o‘tishLukoyl kompniyasi xodimi
Lukoyl kompniyasi xodimi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Vagit Alekperov Shavkat Mirziyoyevga qabul va O‘zbekistonda "Lukoyl" kompaniyasi loyihalari qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi, neft-gaz sohasida keng ko‘lamli o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi

TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-iyun kuni mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiyaning "Lukoyl" kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati.

Ofis kompanii Lukoyl v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston
"Lukoyl" butun O‘zbekiston bo‘ylab yonilg‘i quyish shoxobchalari quradi
Mirziyoyev mehmonni qutlar ekan, Rossiyaning neft-gaz sohasidagi ushbu kompaniyasi bilan samarali hamkorlik izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Jahonning yetakchi neft-gaz korporatsiyalaridan biri bo‘lgan "Lukoyl" O‘zbekistonda istiqbolli konlarni qidirish va o‘zlashtirish, uglevodorod xomashosini chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulotni ichki va tashqi bozorlarga sotish kabi qator yirik investitsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

Ayni paytda Usturt blokini geologik o‘rganish va Janubi-g‘arbiy Hisor neft-gazkondensat konini o‘zlashtirish ishlari hamkorlikda olib borilmoqda.

Qandim konlar guruhini tartibga keltirish va gazni qayta ishlaydigan zamonaviy majmuani barpo etish ishlari bajarilmoqda. Mazkur zavod yaqin istiqbolda yiliga 8 milliard kub metrdan ziyod tabiiy gazni qayta ishlab, xaridorgir gaz mahsulotlari ishlab chiqaradi.

Emblema kompanii Lukoyl - Sputnik O‘zbekiston
“Lukoyl” O‘zbekiston yoshlarining tahsil olishiga ko‘maklashadi
Bundan tashqari "Havzak" va "Shodi" konlari o‘zlashtirilmoqda, Qo‘ng‘irot uchastkasida geologiya-qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Bugungi kunda "Lukoyl" kompaniyasi tomonidan mamlakatimiz neft-gaz sohasidagi qo‘shma loyihalarga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 6,3 milliard dollarni tashkil etadi.

Uchrashuvda uzoq muddatli hamkorlikning amaldagi loyihalarini amalga oshirish va istiqbolli loyihalarni tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Qazib olinadigan tabiiy gazni chuqur qayta ishlashga doir yangi loyihalar, shuningdek, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.

Vagit Alekperov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga qabul va O‘zbekistonda "Lukoyl" kompaniyasi loyihalari qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi, neft-gaz sohasida keng ko‘lamli o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0