TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. O‘zbekiston IIV Madaniyat saroyida korrupsiyaga qarshi kurashishga doir davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston milliy axborot agentligi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya holatlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017-yilning o‘tgan davrida Bosh prokuraturaga korrupsiya holatlari bo‘yicha kelib tushgan 171 murojaat qonuniy hal etildi. Mazkur murojaatlar bo‘yicha 8 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Davra suhbatida joylarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning hamkorligini ta’minlash yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 4-yanvarda "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida" qonuni hamda O‘zbekiston prezidenti tomonidan 2-fevralda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlangan edi. Ushbu qonun talablariga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarni ta’qib etish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.