TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. 24 iyun kuni Jizzax viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari hamda viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlariga nomzodlar tayinlandi, deb xabar qildi Jizzax viloyati hokimligi matbuot-xizmati.
2016 yilning dekabr oyidan Jizzax viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Mustafoyev Ulug‘bek Mavlonovich joriy yilning 13-iyun kuni "O‘zbekenergo" AJ raisi lavozimiga tayinlangan edi.
Jizzax viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha yangi birinchi o‘rinbosari Abdulloyev Alijon Kaxramonovich 1974-yilda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy. Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Iqtisod fanlari nomzodi. Rus, ingliz va nemis tillarini mukammal o‘zlashtirgan.
Viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari To‘xtamishev Botir Qo‘nishevich 1972-yil Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tug‘ilgan. 1994-yil Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan. Texnika fanlari nomzodi. Mazkur lavozimga qadar Andijon qishloq xo‘jaligi instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori vazifasida faoliyat yuritgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.