TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. Samarqand viloyati MXX boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan kollejga o‘qishga kiritish uchun talabalardan pul talab qilgan kollej direktori o‘rinbosari pul olayotganda qo‘lga olindi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi ikki nafar fuqaro MXXga ariza bilan murojaat qildilar. Ushbu arizalarda aytilishicha, Samarqand viloyati bank kolleji qabul komissiyasi a’zosi kollejga o‘qishga kiritish masalasini ijobiy hal etish evaziga talabalarning qarindoshlaridan pul talab qilgan.
"Natijada Qarshiyev o‘z xizmat xonasida 800 dollar pul mablag‘ini olayotganda qo‘lga olindi. Ushbu bank kolleji Samarqand viloyatida eng yetakchi o‘quv dargohlardan biri hisoblanadi. Qarshiyev o‘zining noqununiy harakatlari bilan o‘quv dargohi sha’niga dog‘ tushirdi, shuningdek, ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturini amalga oshirishga to‘sqinliq qildi", — deb ta’kidladi MXX vakili.
Hozirgi kunda Qarshiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishi olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish kompaniyasi davom etmoqda. Bunda alohida ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy sohalarda, jumladan, ta’lim sohasida ta’magirlik va poraxo‘rlikka qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.