TOShKENT, 5-may — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryoning Uzun tumanida katta to‘y bo‘lgani, unga eng kuchli polvonlar taklif qilingani haqidagi xabar tarqaldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keltirilgan xabarga ko‘ra, Uzun tumani hokimining muovini to‘y qilgan. To‘yga qo‘shni Qashqadaryo va Tojikistondan ham polvonlar kelishgan.
"Katta kurash bo‘ldi, Tojikistondan ham polvonlar keldi", — deb yozgan to‘yda ishtirok etgan Fayzullo Elshod.
Internet foydalanuvchilari orasida kurashga qiziqadiganlar Elshodga eng kuchli polvonlar kimlar bo‘lgani haqida savol berishgan.
"Muxlis polvon bilan Tojikistonlik polvon", — deya javob bergan to‘y ishtirokchisi.
"Sovringa qo‘y, gilam, tillo(kurashda buni qizil tuya deb atashadi) va ot qo‘yildi, deb yozgan xabar muallifi.
Shuningdek, odamlar to‘yga Abdulla Tangriyev keladi, deb kutishgani, ammo kurashchi kelmagani haqida ma’lumot berilgan.
"Abdulla Tangriyev ancha yillardan buyon respublikamizni birinchi raqamli polvoni bo‘lib keldi. Menimcha endi kurash musobaqalarida qatnashmasa kerak. Endi murabbiy bo‘lib, yoshlarni tarbiya qilib, o‘zidek kuchli polvonlarni yetishtirib chiqargani foydaliroq bo‘lardi", — deb bu borada o‘z fikrini bildirgan Azizullo Muhammadrizo.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.