TOShKENT, 24-iyun — Sputnik. Makkadagi Al-Harom masjidida sodir etilishi rejalashtirilgan teraktning oldi olindi, Saudiya Arabistoni maxsus xizmati tomonidan xudkushni yo‘q qilish uchun o‘tkazilgan operatsiya davomida huquq-tartibot organlari xodimlaridan besh nafari va olti nafar xorij fuqarolari jarohatlangan, deb xabar qildi RIA Novosti.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, terrorchi Al-Harom masjidida Ramazon oyining so‘nggi jumasida u yerga ko‘plab ziyoratchilar to‘plangan vaqtda portlashni amalga oshirmoqchi bo‘lgan.
Qirollik Ichki ishlar idoralarining xabariga ko‘ra, yovuz niyatli kimsalar uch joyda, Jidda hamda Makkaning Al-Asila va Ajad dahalarida yashirinishganligi aniqlangan.
Ajaddagi uch qavatli uylardan birida aniqlangan terrorchilardan biri kuch ishlatish xodimlariga qarata o‘t ochishga va portlovchi qurilmani ishga tushirishga ulgurgan.
Portlash oqibatida bino qulagan va olti nafar chet ellik jarohatlangan. Ular kasalxonaga olib ketilgan.
Shuningdek, besh nafar politsiyachilar jarohat olganliklari aytilmoqda.
Maxsus xizmat vakillari tomonidan 5 kishi, jumladan bir ayol qo‘lga olingan. Ularning ismlari ma’lum qilinmayapti.
Saudiya Arabistoni IIV bayonotiga ko‘ra, ushbu teraktga chet eldan turib tayyorgarlik ko‘rilgan.
Ayni vaqtda arab davlatlari vakillari ushbu teraktni qoralab, Saudiya Arabistoni rahbariyatiga dardkashlik maktublarini yo‘llashmoqda.