TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. 2017-yilning 22-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Vatikanning yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Chelestino Miloreni (qarorgohi Moskva shahrida) qabul qildi.
Vazir ishonch yorliqlarini qabul qildi va Elchini mamlakatimizda o‘z diplomatik missisiyasini boshlagani bilan tabrikladi.
2017-yil 7-fevralda O‘zbekiston Prezidenti 2017-2021-yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqladi. Mazkur konseptual hujjat davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, sud-huquq tizimi va ijtimoiy tarmoqni isloh qilish, shuningdek, havfsizlikni, xususan millatlararo birdamlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashning asosiy tamoyillari va tashqi siyosatni nazarda tutadi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinchlik va birdamlikda yashamoqda, 138 ta milliy madaniyat markazlari, 34 ta do‘stlik jamiyatlari, 16 ta diniy konfessiyaning 2 mingdan ortiq diniy tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan so‘ng 25-yil mobaynida turli millatlar va din vakillari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan sherkilikning ijobiy tajribasi ortirildi.
Suhbat chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.