TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. Ko‘chmas mulk savdosi va ijarasi haqida millionlab e’lonlar joylashtirilgan Domofond.ru portali Rossiya shaharlaridagi xavfsizlik darajasini aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazdi.
So‘rovda 258 ming kishi ishtirok etib ular o‘zlari yashayotgan shaharlarni "Men xavfsiz shaharda yashayman va tunda uyga qaytishdan qo‘rqmayman", degan iboraga qanchalik mos kelishini 10 ballik sistema bo‘yicha baholashdi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, eng xavfli shahar Rostov viloyatidagi Shaxti shahri deb tan olingan. U yerda yashayotganlar ko‘chalar yoritilmaganligi, kanalizatsiya lyuklari ochiqligi va odamlarga daydi itlar hujum qilishidan shikoyat qilishgan. Shahar xavfsizlik reytingda bor-yo‘g‘i 5,6 ball to‘plagan.
Volgograd, Omsk, Chita, Astraxan, Saratov, Chelyabinsk, Nijniy Tagil, Balashixa va Perm shaharlari aholisi ham xuddi shunday muammolar borligidan shikoyat qilishgan.
Aholi soni bo‘yicha yetakchi bo‘lgan Moskva 6,9 ball jamlab reytingning 31 o‘rinini egallagan. Sankt-Peterburg 6,7 ball bilan 42 o‘rinda joylashgan.
Nijnevartovsk, Surgut, Armavir, Saransk, Murmansk, Cheboksari va Nijnekamsk shaharlari to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi o‘rinlarni egallagan.
Sochi ushbu reytingda ikkinchi o‘rinni egallagan. Birinchi o‘rinda esa Checheniston poytaxti — Grozniy bo‘ldi. Grozniy 8.7 ball jamlagan.