TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi", mavzusidagi anjumanda, Shavkat Mirziyoyev chet ellarda halol mehnat bilan daromad topaman deb yurgan fuqarolarimning terrorizm va ekstremizm changaliga tushib qolmasligi uchun barcha choralar ko‘rilayotgani haqida gapirdi. Jumladan, Rossiya bilan mehnat migrantlari borasida imzolangan shartnoma haqida to‘xtalib o‘tdi.
"Mehnat migrantlari borasida bizning pozitsiyamiz aniq — odam qayerda bo‘lsayam ishlashi oilasini, bola-chaqasini boqishi kerak. Rossiya bilan migratsiya borasidagi muammolar bizga 10-15 yildan beri bizga azob, tashvish bo‘lib kelayotgan edi. Nimaga desangiz, bizning farzandlarimiz, bizga yoqadimi-yoqmaydimi o‘sha yerda ishlayapti, ularning tinchligi, osoyishtaligi bizga kerak.
Shuning uchun biz Rossiya rahbariyati oldiga ushbu masalani ko‘ndalang qo‘ydik: xudo xayrlaringni bersin, bizning xalqimiz sizlarning iqtisodingizga xizmat qilayapti. Shunday ekan har, har bir O‘zbekiston fuqarosini tinchligini, sog‘ligini kafolatlaydigan sharoit yaratib beringlar, deb…
O‘ylaymanki, bu o‘zining juda katta ijobiy natijasini beradi", — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Undan tashqari, O‘zbekiston prezidenti oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga katta e’tibor berilayotganini eslatib o‘tdi va bir kun kelib mehnat migrantlari vataniga qaytishiga umid bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yilning 4-5 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tavlat tashrifi davomida Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari migratsiya sohasida bir necha shartnomalar imzolangan edi.