TOShKENT, 23-may — Sputnik. O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya hududida tashkiliy ravishda ishga yollash haqidagi O‘zbekiston va Rossiya orasida imzolangan shartnomaga muvofiq O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda O‘zbekiston elchixonasi diplomatlaridan iborat delegatsiya Krasnodar va Rostov-na-Donu shaharlariga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Krasnodar o‘lkasining gubernatori o‘rinbosari Altuxov bilan uchrashishdi. Uchrashuvda, shuningdek, gubernator maslahatchisi, IIB bo‘limi vakili, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i va aholini mehnat bilan ta’minlash bo‘limi boshliqlari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda Krasnodar o‘lkasidagi O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining bugungi holati, kelajakda hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritildi. Undan tashqari Krasnodarda joylashgan “Karyera” davlat kadrlar agentligi direktori bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.
Delegatsiya, shuningdek, Krasnodarda joylashgan yangi qurilgan “Ko‘p funksiyali migratsiya markaziga ham tashrif buyurdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi Rostov-na-Donu o‘lkasiga davom ettirildi. Rostov-na-Donu shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rostov viloyatining qurilish, qishloq xo‘jalik sohasida ishlayotgan yirik korxonalari, kadrlar agentliklari va sug‘urta kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi sohasida davlat siyosati tartibga solinayotganidan mamnun ekanliklarini va O‘zbekiston bilan ushbu sohada hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirshdi.
Delegatsiya shuningdek chet el fuqarolarini vaqtincha ushlab turiladigan markazga tashrif buyurishdi hamda IIBning hududiy bo‘limlari rahbarlari bilan uchrashishdi.
O‘zbekiston Tashqi Mehnat migratsiyasi agentligi o‘z faoliyatida mehnat migrantlari taklif qilinayotgan hududdagi ehtiyoj, kerakli mutaxassislar va to‘lanadigan maosh asosida O‘zbekiston hududida nomzodlar tanlab oladi.Shuningdek, Rossiyaga ishga kelayotgan migrantlarni sanitar-gigiyenik normalarga javob beradigan turar joy bilan ta’minlash, ish joyida texnika xavfsizligi, tibbiy yordam va boshqa kafolatlar bilan ta’minlanishiga katta e’tibor beradi.
Tashqi Mehnat migratsiyasi agentligi xabariga asosan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.