Rossiyada olingan shar’iy nikoh haqidagi guvohnoma O‘zbekistonda o‘tmaydi

Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha diniy ulamolar bilan o‘tkazgan uchrashuvida yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, xotin ustiga xotin olish holatlarini keskin qoraladi

TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi" mavzusidagi anjumanda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yashirincha shar’iy nikoh o‘qitish, xotin ustiga xotin olish holatlarini keskin qoraladi.

Internetda ko‘p xotinli "boylar" mavzusi qizg‘in muhokama qilinmoqda
"Hozirgi kunda hayotimizda avj olayotgan ana shunday xunuk, yaramas holatlarga chek qo‘yish maqsadida alohida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu qonunda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organidan berilgan hujjatga ega bo‘lmagan shaxslarga shar’iy nikoh o‘qigan har qanday mullaga, agar u vallomat bo‘lsayam, jinoiy jazo berish ko‘zda tutiladi", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu xabar chiqqanidan so‘ng, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida endilikda shar’iy nikohdan o‘tish uchun Rossiya davlatiga borish kerakligi, u yerdagi masjidlarla ZAGS qog‘ozi so‘ralmasligi haqida fikrlar bildirila boshladi.

Aytish joizki, haqiqatdan ham Rossiya hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari agar shar’iy nikohdan o‘tmoqchi bo‘lishsa, bu mamlakatda qonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlarga murojaat qilishlari mumkin.

Sputnik muxbiri shar’iy nikohdan o‘tish qanday amalga oshirilishini aniqlash maqsadida Moskva jome masjidiga murojaat qildi.

Moskva jome masjidi vakilining aytishicha, shar’iy nikohdan o‘tish uchun ikki fuqarodan ularning pasportlari va ikki guvoh talab etiladi, xolos. Shar’iy nikoh navbatchi imom tomonidan o‘qilib, shu bilan birga, istak bildirgan fuqarolarga shar’iy nikohdan o‘tganliklari haqida guvohnoma ham berilishi mumkin. Guvohnoma 1000 rubl turarkan.

Mana shundan so‘ng Rossiyada olingan shar’iy nikohdan o‘tganlik haqidagi guvohnoma O‘zbekistonda qonuniy kuchga ega bo‘ladimi, degan savol bilan O‘zbekiston Musulmonlar idorasiga qo‘ng‘iroq qildik.

Mechet Suzuk-ota v Tashkente - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev islom dini yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy maktablar tashkil etishni taklif qildi
"Ushbu guvohnoma shar’iy nuqtayi nazardan qabul qilinadi, lekin qonun tomonidan o‘tmaydi. Bu guvohnoma ZAGS guvohnomasisiz hech qanday kuchga ega emas. Biron bir joyda, masalan, mehmonxonaga joylashmoqchi bo‘lsangiz, mana bu mening turmush o‘rtog‘im desangiz, sizga pasportda ZAGS muhri qo‘yilmagan-ku, degan savol beriladi. Bu kabi muammolar bo‘lmasligi uchun tezlik bilan o‘sha joyning o‘zida ZAGSga ariza berib, qonuniy nikohdan o‘tish va ZAGS guvohnomasini olish zarur bo‘ladi", — deb izoh berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda aytish joizki, chet elda olingan shar’iy nikoh guvohnomalari qonuniy niqoh guvohnomalari bo‘lmagan taqdirda O‘zbekistonda qonuniy kuchga ega emas.

Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.

Yangiliklar lentasi
0