TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Toshkent shahrida "Hamshira — 2017" ko‘rik-tanlovining yakuniy final bosqichi o‘tkazildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati. Tanlovning respublika bosqichida ishtirokchilar uch turdagi shart bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
Ishtirokchilar tibbiyot sohasidagi amaliy va nazariy bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Bundan tashqari, ular O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan tub islohotlar, xususan, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar mohiyati va unda hamshiralarning o‘rni va vazifasi, tibbiy tahlil natijalariga ko‘ra kasallik belgilarini aniqlash va hamshiralik yordamini tashkil etish, epidemiologik holat yuz berganda ko‘riladigan chora-tadbirlar bo‘yicha nazariy bilimlarini ham namoyish etishdi.
Toshkent shahar shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasi hamshirasi Shahnoza Pozilova 1-o‘rinni, Pop tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi hamshirasi Feruza Bo‘tayeva 2-, Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limi hamshirasi Muharram Salimova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
"Hamshira" ko‘rik-tanlovi o‘rta tibbiyot xodimlari mehnatini baholash, samarali faoliyat olib borayotgan mutaxassislarni munosib rag‘batlantirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va kelajakda bilim va mahoratlarini yanada oshirishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida bir necha yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.