TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Samarqand viloyatida o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida noqonuniy harakat — narkotik savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslardan yirik partiyadagi nashani olib qo‘ydi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga kuch ishlatish tizimidagi manba.
Maxsus o‘tkazilgan operatsiya natijasida jinoyatchi Milliy xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasining tezkor-qidiruv guruhi xodimlari tomonidan nashaning namuna partiyasini sotayotgan vaqtda, Taylov tumani hududida qo‘lga olingan.
"Surishtiruv ishlari davomida qo‘lga olingan shaxs narkotik moddalarni o‘z qarindoshi, Urgut tumanida yashovchi Zokir Do‘stovdan olgani haqida ko‘rsatma berdi. Zokir Do‘stov narkotik moddalar noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullangani uchun ikki marta jazo muddatini o‘tagan", — deb ta’kidladi MXX xodimi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida Zokir Do‘stov Milliy Xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Uning uyi ko‘zdan kechirilganda, 3,7 kgdan ortiq nasha yashiringan tuynuk topilgan.
Ayni vaqtda ushbu ish yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov ishlari olib borilmoqda.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.