TOShKENT, 11-may — Sputnik. 6-may kuni O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus operatsiya natijasida Afg‘oniston chegarasida narkotik moddalar tashuvchisi qo‘lga olindi, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga MXX xodimi.
Narkotik moddalarni tashuvchi shaxs Afg‘oniston hududidan Amudaryo orqali qo‘lbola yasalgan qayiq yordamida suzib o‘tgan. Tintuv natijasida uning yonidan 57 killogramdan ortiq ko‘knor, 1 dona 7,62 mm kalibrli Mauser to‘pponchasi hamda 5 dona o‘q dori aniqlangan. Bularning barchasi sintetik qopga joylashtirilgan.
"Afg‘oniston hududidan katta partiyadagi narkotik moddalarni olib o‘tishga harakat qilish holati birinchi bor takrorlangani yo‘q. Eng muhim tomoni shundaki, asosan, nochor, bir necha yuz dollar pul evaziga chegaradan giyohvand moddalarni olib o‘tishga rozi odamlar narkokuryerlikni o‘ziga kasb qilmoqda", — deb ta’kidladi MXX xodimi.
Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib tergov ishi olib borilmoqda.
O‘tgan yili o‘zbek maxsus xizmatlari va chegarachilari tomonidan umumiy miqdorda 3,5 tonnadan ortiq narkotik moddalar olib qo‘yilgan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.