TOSHKENT, 14 iyun — Sputnik. 2017 yil 13 iyun kuni yuqori darajadagi "Markaziy Osiyo — BMT" muloqotida ishtirok etish uchun Ashxobod shahriga borgan Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan uchrashdi. Bu haqda TIVning matbuot xizmati axborot berdi.
Tomonlar shu yilning mart va may oylarida oliy darajadagi Oʻzbekiston-Turkmaniston muzokaralari davomida erishilgan kelishuvlar ijrosining amaliy jihatlarini muhokama qilishdi.
TIVning xabariga koʻra, uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkmanistonning xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorligi hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi.
Eslatib oʻtamiz, yuqori darajadagi "Markaziy Osiyo — BMT" muloqot BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh raisligida boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston TIV rahbarlari ishtirok etdilar. Tomonlar BMTning Global aksilterror strategiyasini Markaziy Osiyoda amalga oshirish masalalari va boshqa dolzarb mavzular yuzasidan fikr almashdilar.
Bizning Telegramdagi oʻzbekcha kanalimizga obuna boʻling va eng yangi xabarlarni birinchi boʻlib oʻqing.