TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti joriy yil 10-iyun kuni Samarqandda Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasida olib borilayotgan qurilish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda TIVning rasmiy sayti xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Hozirgi kunda Islom Karimov dafn etilgan hududda yodgorlik majmuasi barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezident majmua qurilishi jarayonini ko‘zdan kechirdi. Maqbara atrofida Hazrati Xizr masjidi bilan uyg‘un holda milliy me’morlik an’analari asosida ayvonlar, choyxona qurilmoqda, boshqa qulayliklar yaratilmoqda.
Davlat rahbari majmuani yanada takomillashtirish, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Majmua atrofini kengaytirish va obodonlashtirish, zamonaviy tungi yoritish tizimi bilan ta’minlash zarurligini qayd etdi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.