TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. Bugun o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 205 nafardan iborat dastlabki guruhi Toshkent — Jidda — Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab Saudiya Arabistoni Podshohligiga umra amallarini bajarish uchun uchib ketdilar, deya xabar beradi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Xalqaro aloqalar bo‘limi.
Ramazon mavsumida ziyorat 10 kunni tashkil etadi. Ziyoratchilar Madina shahrida 3 kun, Makkada esa 7 kun bo‘ladilar. Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 4 nafar ishchi guruhi, 13 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 3 nafar shifokor va 2 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi.
Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarda meningit va grippga qarshi zardob bilan emlandi.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida to‘rt yulduzli "Nur al-Mavadda" mehmonxonasi, Makka shahrida esa "Abroj al-Meridian" mehmonxonasi tayyorlab qo‘yilgan.
Joriy yilning 13-iyun kunidan 29-iyun kuniga qadar o‘zbekistonlik fuqarolarni umra ziyoratiga kuzatish va kutib olish rejalashtirilgan.
"Umra-2017" Ramazon mavsumida jami 672 nafar fuqarolarimiz umra ibodatini ado etishlari rejalashtirilgan.