TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. 2017 yilda bir qator O‘zbekiston oliygohlarida tinglovchilarni o‘qitish bo‘yicha yangi mutaxassisliklar ochiladi, deb xabar berdi “Darakchi” nashri.
Toshkent loyihalashtirish, qurilish va avtomobil-yo‘llaridan foydalanish institutida quyidagi yangi mutaxassisliklar ochiladi:
Bakalavriatda: "Avtomobil yo‘llar, yo‘l qurilish mashina va anjomlardan foydalanish", "Shahar yo‘llari va ko‘chalari", "Transport logistikasi (avtomobil transportda)".
Magistraturada: "yo‘l qurilish va avtomobil transport texnikasidan foydalanish", "avtomobil yo‘llarni loyihalashtirish va qurish", "Transport logistikasi", "Ko‘prik, tonnel va ko‘prik o‘tkazgich yo‘llarni barpo etish", "shahar yo‘llari va ko‘chalari".
Toshkent moliya institutida "Korporativ moliya", Toshkent qishloq xo‘jaligi irrigatsiya va mexanizatsiya muhandisligi institutida "Meliorativ gidrogeologiya" nomli yangi mutaxassisliklarga tinglovchilar qabul qilinadi.
Urganch davlat universitetining magistraturasida "Metamatik injiniring", Toshkent tibbiyot akademiyasida "Odam salomatligi va atrof muhit", Toshkent arxitektura-qurilish institutida "Geoinformatika", Buxoro muhandislik-texnologiya institutida "Texnologik mashina va asboblarga texnik xizmat ko‘rsatish" mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Sal ilgariroq O‘zbekistonda bu yil oliygohlarga rekord darajada abituriyentlar hujjat topshirishi kutilayotganligi haqida xabar bergan edik. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2017-yilda oliygohlarga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 795 mingga yetishi taxmin qilinmoqda. 2016-yilda bu ko‘rsatkich 663 ming nafarni tashkil qilgan edi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.