TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. Tojikiston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining xabariga ko‘ra, 8-iyun kuni kechqurun Tojikiston va Afg‘oniston chegarasining janubiy qismida chegarachilar va mamlakatga kirishga uringan kontrabandachilar o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan. Bu haqda Sputnik Tojikiston xabar berdi.
Mamlakatga kirishga uringan shaxslar oxir-oqibat chekinishga majbur bo‘lgan. Harbiylar va narkosavdogarlar orasida qurbonlar bor-yo‘qligi ma’lum qilinmagan.
Keyinroq to‘qnashuv hududida qopga joylangan og‘irligi 15 kilogramm nasha topilgan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining bildirishicha, 2017-yil boshidan buyon tojik harbiylari 32-marta chegara buzish holatlarini aniqlashgan, 11-marta qurolli guruhlar bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan va sakkiz nafar chegarabuzar yo‘q qilingan hamda besh nafari qo‘lga olingan. Ushbu holatlarda 340 kilogramm giyohvandlik moddasi va 130 dona qurol va o‘q-dorilar musodara qilingan.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.